O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Oila muhofazasi
Oxirgi yillarda ko‘plab sohalarda bo‘lgani kabi oilani mustahkamlash, oilalarni ma’naviy, iqtisodiy, ijtimoiy tomondan qo‘llab-quvvatlash, bolalarning har tomonlama to‘kis bo‘lgan oilada tarbiya va kamol topishini ta’minlash borasida bir qator islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 30 aprelda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyasining 14-bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan bo‘lib, ushbu bobda, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi, uning jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqi, nikoh tuzishning ixtiyoriyligi, ota-onalar va farzandlarning o‘zaro huquq va majburiyatlari, davlatning bolalar va yoshlar oldidagi majburiyatlari keng mustahkamlab qo‘yilgan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 76-moddasi ikkinchi qismida, nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishi ko‘rsatilgan.
Oldingi tahrirdagi Konstitutsiyamizda “Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi” (63-modda, ikkinchi qism), shaklida bayon qilingan ushbu norma, yangi taxrirda qabul qilinganida bejizga, nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga ham asoslanishi bilan bog‘liq normalar kiritilmagan.
O‘zbek xalqida qadim-qadimdan nikoh, oilada farzandlar tarbiyasi,
er-xotinning oiladagi huquq va majburiyatlarini tartibga soluvchi odat normalari shakllangan.
Bolalarni tarbiyalayotgan onani, bolani, moddiy jihatdan ta’minlashga otaning burchi sifatida qaralgan va ota-bobolarimiz o‘zlarining ushbu burchlarini sadoqat bilan, g‘urur va faxr bilan bajarib kelishgan. Ushbu qadriyatlarimizga, odatimizga e’tiborning susayishi natijasida oilaviy munosabatlardan kelib chiqayotgan nizolar sonining ortib borishi, xususan voyaga yetmagan farzandlar ta’minoti uchun aliment undirish, xalq orasida “sut puli” deb yuritiladigan uch yoshgacha bo‘lgan farzandlarini tarbiyalayotgan onaning ta’minoti uchun aliment undirish bilan bog‘liq nizolar ayniqsa ko‘p ulushni tashkil qilishi tashvishli holatdir.
Voyaga yetmagan farzandlar ta’minoti uchun aliment undirish, uch yoshgacha farzandini tarbiyalab kelayotgan onaning ta’minoti uchun aliment undirish masalasi O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi bilan tartibga solingan va sudlar tomonidan ushbu kodeks normalari amalda qo‘llanilib, voyaga yetmagan farzandlar va onalarining huquqlari ta’minlab kelinmoqda. Biroq, bu kabi nizolar kelib chiqishining o‘zi bizning o‘zbekona urf odatlarimiz, an’analarimizga zid holatdir.
Bu kabi nizolarning oldini olishda, o‘zbekona urf-odatlarimiz, bobolarimizdagi g‘urur, onalarimizdagi sabr-toqat, o‘zaro hurmat,
mehr-sadoqat kabi xislatlarni yoshlarimiz orasida kengroq targ‘ib qilish, tushuntirish ishlarini olib borish lozim bo‘ladi.
Tadjiyev Sherzod Muxtorovich Farg‘ona viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi